Abdulla Ochilovning oilasi tasviriy san’at sohasidagi ijodiy muvaffaqiyatlari bilan tanilgan. Bu oiladagi go‘zallikka shaydolik, ilm o‘rganishga, san’at sirlarini egallashga intilish ibratga loyiq.
A.Ochilov - O‘zbekiston Badiiy akademiyasi badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi. Qarshi Davlat universitetida bo‘lajak pedagoglarga tasviriy san’atdan dars beradi. Xonadon bekasi Mazifa Ochilova esa Qashqadaryo viloyat pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida tasviriy san’at va chizmachilikdan dars o‘tadi. Ular pedagogik faoliyatini badiiy ijod bilan uzviy bog‘lab olib boradi.
Rassomlar oilasida kamolga yetayotgan farzandlar ham san’atga mehr qo‘ygan. Qizlari Gulhayo va Gulira’no Respublika rassomlik kollejida tahsil olmoqda. Ular “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivalining faol qatnashchilaridan. Kenja farzand Abdulaziz chizgan rasmlar ham mutaxassislar e’tiborini tortmoqda.